Nurota davlat qo'rixxonasi
Introducing
“Nurota” davlat qo‘riqxonasi” Pomir-Oloy bilan Tyan-shan tog‘ majmualari va Turon pasttekisligining orasidagi o‘tish hududida joylashgan Nurota tog‘ tizmasining markaziy qismida joylashgan. Nurota tog‘ tizmasi Turkiston tizmasi hududidan shimoliy – g‘arbga qarab 200 km-gacha cho‘zilgan bo‘lib, Qizilqum sahrosi ichkarisiga chuqur kirib boradi. Qo‘riqxona Jizzax viloyati Forish tumani hududida dengiz sathidan 500 m.dan 2169 m. balandlikda joylashgan bo‘lib, janubdan Samarqand viloyatining Payariq, Qo‘shrabot,g‘arbdan Navoiy viloyatining Nurota tumanlari bilanchegaradosh.
Qo‘riqxona umumiy maydoni 17 752,0 ga, shu bilan birga 20 312,87 ga qo‘riqlanma zonasi belgilangan.
“Nurota” davlat qo‘riqxonasi” Jizzzax viloyati markazidan 100 km, Forish tumani markazidan 40 km uzoqlikda joylashgan.
Tabiiy sharoiti: Qo‘riqxona iqlim sharoiti quruq va issiq, geologik tuzilmasida proterozoy uglerodli, karbonli-grafitli va ohak – kremniyli slaneslar asosiy rol o‘ynaydi.
Florasi: “Nurota” davlat qo‘riqxonasi”da 847 tur o‘simliklar aniqlangan bo‘lib, shundan 32 turi yo‘qolib ketish arafasidagi yoki “Qizil kitob”ga kiritilgan turlardir.
Faunasi:
“Nurota” davlat qo‘riqxonasi”si hududida umurtqali hayvonlarning 260 turi uchrashi kuzatilgan, Shu jumladan, sut emizuvchilarning 35 turi (Kichik taqaburun (Rhinolophus hipposideros), Qorsak (Vulpes corsac), Olaqo‘zan (Vormela peregusna) , Qizilkum yovvoyi qo‘yi (Arxar) (Ovis severtzovi), Oq qorinli o‘q quloq (Otonycteris hemprichii), Jayra (Hystrix cristata), Bo‘ri (Canis lupus) va Yovvoyi cho‘chqa (Sus scrofa) shular jumlasidandir). Qushlarning 200 turi, sudralib yuruvchilarning 21 turi, amfibiyalarning 3 turi va baliqlarning 1 turi hamda jami umurtqasiz hayvonlarning 864 turi aniqlangan.
TMXI “Qizil ro‘yxati” va O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan noyob hayvon va qushlar 32 turni tashkil etadi.
Ekoturizm maskanlari: Qo‘riqxona himoya maydonida joylashgan 2000 yillik (Archa) Savr daraxti yoki Sharq Biotasi (Biota Vostochnaya) alohida ahamiyatga ega bo‘lib, obyekt Forish tuman markazidan 55 km uzoqlikda “Do‘stlik” MFY, Mojrum qishlog‘ining yuqori qismida “Nurota” davlat qo‘riqxonasi”ning chegarasida joylashgan.
Bundan tashqari qo‘riqxonaning Seversov qo‘ylarini (Ovis severtzovi) (tutqunlikda saqlash, ko‘paytirish usullari va biologiyasini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan 16 ga yer maydoniga ega pitomnigi (volyer)da parvarishlanayotgan Seversov qo‘ylari (Ovis severtzovi) xorijiy va mahalliy sayyohlarni diqqatini tortishi shubhasiz. Obyekt Forish tumani markazidan 45-km uzoqlikda “Uxum” MFY yuqori Hayot qishlog‘ida joylashgan.
Qo‘riqxona atrofiga yaqin bo‘lgan aholi punktlari yuqori Hayot qishlog‘ida 4 ta, yuqori Uxum qishlog‘ida 3 ta, Asrof qishlog‘ida 3 ta va Porasht qishlog‘ida 2 ta 20-30 kishilik sig‘imidagi mehmon uylari faʼoliyat olib bormoqda.
Qo‘riqxonaning maʼmuriy binosi Forish tumani markazi Bog‘don shaharchasi Qo‘riqxona ko‘chasi 5 uyda joylashgan.
